Tarixi
Kolumb ekspeditsiyasi 1493-yili orollarga kelgan. Dastlabki aholi punktlari 1625-yil Santa-Kruz orolida ingliz va fransuz mustamlakachilari tomonidan barpo qilingan. Turli vaqtlarda orollar ustidan inglizlar, fransuzlar, ispanlar o‘z nazoratini o‘rnatgan. 1733-yili orollami daniyaliklar sotib olishdi (1754-yil rasmiy ravishda Daniya mustamlakasi deb e’lon qilindi). 1672- va 1683-yillarda daniyaliklar Sent-Tomas va Sent-Jon orollarini ham mustamlakaga aylantirgan edi. Daniyaliklar hukmronligi davrida Sent-Tomas oroli savdo markaziga (shuningdek, qul savdosining ham), Sent-Jon oroli esa shakarqamish plantatsiyalariga aylantirilib, ularda qullar ishlatilgan. Qullik mavjud bo‘lgan davrda (1848-yilgacha) orolga 28 ming negr qullar keltirilgan. Daniya orollar ustidan 1917-yilga qadar (Napoleon urushlari davridagi qisqa davrni hisobga olmaganda) egalik qilib keldi. Shundan so‘ng, Daniya bu orollarni AQShga 25 million dollarga sotdi. 1932-yili orolda yashovchilarga AQSh fuqaroligi berildi. Bu yerda AQSh harbiy bazasi qurilgan. 1973-yili Virgin orollari AQSh kongressining deputatlar palatasiga 1 ta deputat o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Iqtisodiyoti
Iqtisodining asosini chet el turizmi tashkil qiladi. Dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri Sen-Kroa orolida joylashgan. Chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Chetdan keltiriladigan detallardan soatlar yig‘ish, oziq-ovqat mahsulotlari va rom ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Qishloq xo‘jaligida sorgo, shakarqamish, meva va sabzavotlar yetishtiriladi. Chetdan neft xomashyosi, sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat keltiriladi. Chetga neft mahsulotlari, shakar, rom, sitrus mevalar, qahva eksport qilinadi. Asosiy savdo hamkorlari: Buyuk Britaniya, Kanada, AQSh, Puerto-Riko.