Tarixi
Hozirgi Turkiya hududida m. a. 1900-yilda Xett davlati, m. a. XII asrda Frigiya, m. a. VII asrda Lidiya davlatlari vujudga keladi. М. a. VI asrda bu hududlar forslar davlati, m. a. 333-yildan makedoniyalik Iskandar tomonidan bosib olinadi. М. a. II asrda Rim imperiyasi tarkibiga kiradi. V asrda hozirgi Turkiya hududlari Vizantiya imperiyasi tarkibiga kiradi. XI asrda Turkiya hududlarini saljuqiylar egallab, Egey dengizidan Turkistongacha bo‘lgan hududlarda ulkan imperiya tashkil qilinadi. XIII asrning oxirida Saljuqlar davlati bir nechta kichik davlatlarga bo‘linib ketadi. XIV asrda Usmoniylar barcha kichik davlatlarni birlashtirishga erishadi. 1453-yilda Vizantiyaning poytaxti Konstantinopol (Istanbul) zabt etiladi. Sulaymon davrida (1520-1566) Usmoniylar Janubiy Yevropa, o‘rta Sharq va Shimoliy Afrika (Marokashdan tashqari)ni bo‘ysundiradilar. XVII asrning boshlarida Usmoniylar davlati o‘z qudratini yo‘qota boshlaydi va Bolqon hamda Arabiston yarimorollaridagi ozodlik kurashlariga yetarli qarshilik ko‘rsata olmaydi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Usmoniylar imperiyasi hudud jihatidan ancha qisqaradi. I jahon urushidan so‘ng Usmoniylar davlati barcha mustamlakalaridan ayriladi. Sulton Mahmud VI tomonidan imzolangan Sevr shartnomasidan (1920) norozi boigan Mustafo Kamol 1918-yilda Turkiyaga bostirib kirgan yunon qo‘shinlariga qarshi kurashni boshlaydi. 1923-yilda Mustafo Kamol Otaturk Turkiyani Respublika deb e’lon qiladi va 1938-yilga qadar mamlakatni boshqaradi. Ikkinchi jahon urushi davrida Turkiya o‘z neytralitetini e’lon qiladi. 1959-yilda Kipr mojarosi natijasida turk-yunon munosabatlari yomonlashadi. 1974-yilda Turkiya qo‘shinlari tomonidan Kipr orolining bir qismi bosib olinishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtiradi. Iqtisodiy inqirozlar natijasida 1971 va 1980-yillarda harbiylar hokimiyatni egallashadi. Hozirgi kunda Turkiya hukumatining asosiy muammolaridan biri mustaqil Kurdiston davlatini tuzishga harakat qilayotgan kurdlar masalasidir.
Iqtisodiyoti
Turkiya hozirgi kunda iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiradi. Sanoatining rivojlangan tarmoqlari: tog‘-kon (ko‘mir, xromit, mis, bor), metallurgiya, neft, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish. Qishloq xo‘jaligida (YIM - 18%) tamaki, paxta, donli o‘simliklar, dukkaklilar, sitruslar, qandlavlagi yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlangan. Turkiya oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qoplaydi. Turizm rivojlangan. Asosiy savdo sheriklari: Germaniya, AQSh. Rossiya, Buyuk Britaniya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 8401 km, avtomobil yollari - 49615, ichki suv yo‘llari - 1200 km. Asosiy portlari: Istanbul, Izmir.