Tarixi
IX asrda tukuler qabilalari yashaydigan hozirgi Senegal hududida Tekrur qirolligi shakllangan bo‘lib, XIV asrda undan Serer va Uolof qirolliklari ajralib chiqqan. XVI asrda hozirgi Senegal hududidagi davlatlar Mali imperiyasi tarkibiga kiradi. XV asrdan boshlab mamlakat portugal dengizchilari tomonidan tadqiq etildi, biroq mamlakatni mustamlakaga aylantirish XVII asrning boshlarida fransuzlar tomonidan boshlandi. Inglizlar ikki marta - 1758-1779-yillari va 1807-1817-yillarida fransuzlarni Senegaldan quvib chiqarishdi, lekin 1854-yili Buyuk Britaniya bilan raqobatda Fransiya yengib chiqdi. 1895-yili esa Senegal fransuz mustamlakasi deb e’lon qilindi. Dakar Fransuz g‘arbiy Afrikasi poytaxti bo‘lib qoldi. 1958-yili Fransuz hamjamiyati tarkibida o‘zini o‘zi boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan bu mamlakat 1959-yili Mustaqil Mali federatsiyasi tarkibiga kirdi, lekin 1960-yili federatsiyadan chiqdi va mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1963-yili mamlakatning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Unga binoan Senegal prezidentlik respublikasi deb e’lon qilindi. 1982-yili Senegal Gambiya bilan Senegambiya federatsiyasiga birlashdi. Biroq mavritan va Senegal jamoalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar 1989-yili federatsiyaning tarqalib ketishiga olib keldi.
Iqtisodiyoti
Iqtisodiyotining asosiy sohasi - baliqchilik. Ishlab chiqarish baliqni qayta ishlash va qishloq xo‘jalik mahsulotlari, neftni tozalash va fosforit qazib chiqarish bilan cheklangan. Qishloq xo‘jaligida (baliqchilik bilan birga YIM - 20%) mehnatga layoqatli aholining 75% i band. Asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari - yeryong‘oq (ekin maydonlarining 40% ga yaqini mamlakat eksporti uchun juda muhim bo‘lgan ana shu ekinni yetishtirish uchun foydalaniladi), makkajo‘xori, tariq, sorgo, sholi, paxta. So‘nggi yillarda turizm tez rivojlanmoqda. Asosiy savdo hamkorlari: YI mamlakatlari (asosan Fransiya), Mali, Kot-d’ Ivuar, Nigeriya, Jazoir. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 1034 km, avtomobil yo‘llari - 14700 km ( qattiq qoplamali yo‘llari - 3777 km), ichki suv yo‘llari - 897 km. Mamlakatning asosiy portlari: Dakar, Kaolak.