Tarixi
Yangi Gvineya oroli 1526-yilda portugaliyaliklar tomonidan ochilgan bo‘lib, o‘z nomini mahalliy aholi afrikaliklar bilan o‘xshash bo‘lganligi uchun olgan. 1828-yilda Gollandiya orolning g‘arbiy qismini (1962-yilda Indoneziyaga o‘tib ketgan) o‘z mulki deb e’lon qildi. Orolning sharqiy qismi Papua (hozirgi Papua - Gvineya hududi), 1885-yilda ikkiga bo‘lingan bo‘lib, shimoli sharqiy qismi nemis protektorati, janubi sharqiy qismi esa Avstraliya tomonidan qo‘shib olingan hududlardan iborat edi. Ikkinchi Jahon urushi boshlarida Avstraliya nemis protektoratini bosib oldi va 1921-yili Millatlar Ligasi tomonidan unga sharqiy Yangi Gvineyani boshqarish uchun mandat berildi. 1973-yilda o‘z-o‘zini boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan mamlakat Britaniya hamdo‘stligida a’zoligini saqlagan holda 16-sentabr 1975-yilda mustaqil Papua - Yangi Gvineya davlatiga aylandi.
Iqtisodiyoti
Mamlakat tabiiy resurslarga boy, biroq ulardan foydalanish hududining murakkab relyefga egaligi va zarur infrastrukturaning shakllanmaganligi sababli deyarli taraqqiy etmagan. Sanoat asosan oltin, kumush va mis qazib olish va palma yog‘ini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Unumdor yerlar va qulay iqlim qishloq xo‘jaligining rivojlanishi uchun yaxshi omil hisoblanadi. Papua - Yangi Gvineya qahva, kakao, palma yog‘i, kokos yong‘oqlari, kauchuk, choy kabi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qiladi. Asosiy savdo hamkorlari: Yaponiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi - 19200 km, ichki suv yo‘llari - 10940 km. Portlari: Laye, Port-Morsbi.