Tarixi
1502-yilda ispanlar tomonidan ochilgan Panama 1510-yilda Ispaniya mustamlakasiga aylandi. 1513-yilda Panama bo‘ynini kesib o‘tib, Tinch okean qirg‘oqlariga birinchi bo‘lib yevropalik Balbao yetib bordi. Hozirgi Panama Peru vitse-qirolligi, Yangi Grenada, 1821-yilda ispan hukmronligidan ozodbo‘lganidan so‘ng Buyuk Kolumbiya tarkibiga kiradi. 1903-yilda Panama o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1904-yilda Panama va AQSh o‘rtasida Panama kanalining katta qismini AQShga topshirish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 1965-yilda yangi shartnoma imzolanib, unga ko‘ra AQSh Panamaning Panama kanali ustidan suveren nazoratini tan oldi. 1968-yilda general O.Torrixos tomonidan o‘rnatilgan harbiy tuzum 16 yildan so‘ng, 1984-yilda fuqarolik hukumati qo‘liga o‘tdi. 1988-yildan buyon AQSh hukumati tomonidan narkotik moddalar savdo-sotig‘ida ayblanayotgan general Noryega davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Biroq Panamaga AQSh qo‘shinlari kiritildi va 1990-yilning yanvarida Noryega ularga taslim bo‘ldi.
Iqtisodiyoti
Sanoatda va qishloq xo‘jaligida o‘sish deyarli sezilmayotgan bir vaqtda mamlakat iqtisodida bank sektorining faol rivojlanishi sezilmoqda. Sanoat asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ishlov berish va qayta ishlash bilan bog‘liq, boshqa sohalardan - neft tozalash va qurilish ancha taraqqiy etgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari YIMning 12% ini ta’minlaydi. Qishloq xo‘jaligida sholi, banan, donli o‘simliklar, qahva, shakarqamish yetishtiriladi. Asosiy savdo hamkorlari - AQSh, Markaziy Amerika davlatlari, Yaponiya, YI mamlakatlari. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 238 km, avtomobil yo‘llari - 8530 km, ichki suv yo‘llari uzunligi - 800 km (shundan 82 km Panama kanaliga tegishli, ushbu kanal Tinch okeanni Atlantika okeani bilan bog‘lab turadi). Asosiy portlari - Kolon, Kristobal, Panama.