Norvegiya
Norvegiya Qirolligi
📍
Poytaxt
Oslo
👥
Aholi
5 606 944
🗺️
Maydoni
385 178 km²
💰
Valyuta
Norvegiya kronasi (NOK)
📖 Tarixi
Qadimda Norvegiya hududida german qabilalari joylashishgan. V asrda bu hududda gotlarning dastlabki davlati vujudga keldi. VIII asr oxiri - XI asr o‘rtalarigacha norveglar vikinglaming harbiy yurishlarida qatnashishdi. IX asr oxiri - X asr boshlarida konung Xarald I Xarfager hukmronligi ostida mamlakatning siyosiy birlashuvi jarayoni boshlanib, shu vaqtning o‘zida xristianlik qabul qilindi. 1262-1264-yillarda Islandiya Norvegiya mulkiga aylandi. 1397-yildan boshlab Kalmar uniyasiga ko‘ra, Norvegiya Daniya hukmronligi ostiga tushib qoldi. 1814-yili Kil shartnomasiga muvofiq Norvegiya Shvetsiya boshqaruvi ostiga o‘tdi, biroq norveg xalqining milliy o‘zligini anglash jarayonining o‘sishi Shvetsiya bilan ittifoqning buzilishiga va 1905-yili mustaqil Norvegiya qirolligining tuzilishiga olib keldi. I jahon urushi yillarida Norvegiya o‘z neytralitetini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi, biroq 1940-yili mamlakat nemis qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. Hukumat Londonga qochdi. 1945-yil 8-may kuni Norvegiya fashistlardan ozod qilindi. 1949-yili uning NATO va 1952-yili Shimoliy Kengashga kirishi Norvegiya hayotidagi muhim voqealardan bo‘ldi. 1994-yilda mamlakat aholisi umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra Yevropa Ittifoqiga kirishga qarshi ovoz berdi.
📈 Iqtisodiyoti
Har xil tabiiy resurslarga boy bo‘lgan Norvegiya iqtisodiyoti erkin tadbirkorlik va hukumat nazorati ostida rivojlanadi. Sanoatining muhim tarmoqlari: neft va gaz, bundan tashqari, oziq-ovqat ishlab chiqarish, sellyuloza-qog‘oz, metallurgiya, kimyo, yog‘ochni qayta ishlash, kemasozlik ham yaxshi rivojlangan. Norvegiya dunyoning juda ko‘plab mamlakatlariga baliq va baliq mahsulotlarini eksport qiluvchi yirik davlatlar qatoriga kiradi. Qishloq xo‘jaligida (YIM 3%) bosh sektor chorvachilik hisoblanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining yarmidan ko‘prog‘i chetdan keltiriladi. 2012-yil YIM miqdori 252,8 mlrd AQSh dollarni (aholi jon boshiga – 53,7 AQSh doll.) tashkil etgan. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 4026 km, avtomobil yo‘llari - 88922 km (61356 km qattiq qoplamali yo‘llar), ichki suv yo‘llari - 1577 km. Mamlakatning asosiy portlari: Bergen, Kristiansunn, Oslo, Tronxeym.