Tarixi
Kolumb tomonidan 1502-yili kashf qilingan hozirgi Nikaragua hududlari Ispaniya mustamlakasiga aylantirildi va 1560-yili Gvatemala superintendantligi tarkibiga kiritildi. 1821-yili mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng Nikaragua Markaziy Amerika qo‘shma provinsiyalari tarkibiga kirdi. 1838-yili to‘liq mustaqil bo‘lgunga qadar Nikaragua bir qator ichki mojarolarni, shuningdek, chet mamlakatlarning - Buyuk Britaniyaning 1848-yili va AQShning 1912-1933-yillarda intervensiyasini boshidan kechirdi. 1936-yildan boshlab mamlakatni Saomosa oilasi boshqardi. 1979-yili u Sandinistlar milliy ozodlik fronti tomonidan ag‘darib tashlandi. Sandinistlar hukumatining iqtisodiy sohadagi muvaffaqiyatsizliklari 1990-yilgi prezident saylovlarida muxolifatchilarning g‘alaba qozonishlariga va Violetta Chamorroning hokimiyat tepasiga kelishiga sabab bo‘ldi.
Iqtisodiyoti
Iqtisodiyotining militarlashuvi, Amerika savdo-iqtisodiy embargosi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda sandinistlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar qishloq xo‘jaligida va sanoatda ishlab chiqarishning qisqarishiga olib kelgan. Bu esa aholi turmush darajasining pasayishiga, shuningdek, tashqi qarzlarining o‘sishiga sabab bo‘ldi. Ishlab chiqarish sanoatning qishloq xo‘jaligi xomashyolarini qayta ishlash, kimyo va to‘qimachilik kabi tarmoqlari bilan cheklangan. Qishloq xo‘jaligi qahva, shakarqamish, paxta (asosan eksport uchun) yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. Keyingi yillar davomida hukumat gipperinflyatsiyaga qarshi choralar ko‘rmoqda, milliy valyuta qadrini ko‘tarishga harakat qilyapti, shuningdek, mamlakat strukturasida qayta qurish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash amalga oshirilmoqda, xususiy-moliyaviy sektor shakllantirilmoqda. Asosiy savdo hamkorlari - YI mamlakatlari va Lotin Amerikasi. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 376 km. Avtomobil yo‘llarining uzunligi - 15286 km (1598 km qattiq qoplamali yo‘llar), ichki suv yo‘llari esa 2220 km. Mamlakatning asosiy portlari - Korinto, Blufilds.