Tarixi
1774-yili melaneziyaliklar yashayotgan bu orollar ingliz sayyohi J.Kuk tomonidan kashf qilingan va Shotlandiyaning eski nomi bilan Kaledoniya deb atalgan. 1843-yili orollarga fransuz katolik missionerlari yetib kelishdi. 1853-yildan Fransiyaga qarashli. 1860-yildan esa mustamlakaga aylantirilgan. 1864-1896-yillarda Yangi Kaledoniya siyosiy mahbuslar surgun qilinadigan joyga aylantirildi. Bu yerga 4000 ga yaqin Parij Kommunasi ishtirokchilari ham surgun qilingan. 1879-yili mahalliy aholining yirik qo‘zg‘oloni fransuzlar tomonidan ayovsiz bostirildi. Yangi Kaledoniya 1946-yildan Fransiyaning «dengizorti hududi» maqomiga erishdi. 1984-yilning noyabrigacha Fransiya hukumatining Oliy komissari tomonidan boshqarilgan. 1988-yili Fransiyada o‘tkazilgan referendumga ko‘ra 1989-yildan bevosita boshqaruv bekor qilinib, avtonomiya kuchaytirildi. 1998-yili Fransiya Bosh vaziri L.Jospen imzolagan shartnomaga ko‘ra Yangi Kaledoniyada 20 yillik mustaqillikka o‘tish davri e’lon qilindi.
Iqtisodiyoti
Iqtisodiyoti asosini tog‘-kon sanoati tashkil etadi. Yangi Kaledoniya nikelning eng yirik zaxiralari egasidir (nikel eksporti valuta daromadlarining 75% ini tashkil etadi). Metallurgiya, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish korxonalari bor. Qishloq xo‘jaligida aholining 70% i band. Chorvachilik va baliqchilik rivojlanib bormoqda. Asosiy savdo hamkorlari: Fransiya, AQSh, Avstraliya, Yaponiya. Asosiy dengiz porti: Numea.