Tarixi
М. a. VIII asrda Perdikka I hozirgi Makedoniya hududida birinchi makedon qirolligini tashkil etdi. Bu davlat m. a. 513-yili fors podshosi Doro I tomonidan bosib olingan. M. a. 479-yili Aleksandr I forslami jangda yanchib mamlakat mustaqilligini qaytarib oldi. Mamlakatda m. a. 359-yili absolyut monarxiya o‘rnatilgan Filipp II davrida esa butun Gretsiya bosib olindi. Buyuk Aleksandr m. a. 334-323-yillarda Makedoniya hududlarini forslar davlati va boshqa davlatlar hisobiga kengaytirib katta imperiya tuzdi. Aleksandr Makedonskiy imperiyasi qulaganidan so‘ng mamlakatni m. a. 148-yilga qadar antigonidlar sulolasi boshqardi. M. a. 148-yili esa Makedoniya Rim provinsiyalaridan biriga aylandi. 345-yili Vizantiya imperiyasining bir qismiga aylangan Makedoniyaga varvarlar tez-tez bostirib kirishardi. VI asrdan boshlab hozirgi Makedoniya hududiga slavyan qabilalarining kirib kelishi, shuningdek, IX-X asrlarda Bolgariyaga qaramlik Makedoniya etnik tarkibini sezilarli darajada o‘zgarishiga olib keldi. 1371-yili Makedoniya Serbiya va Gretsiya ta’sir doiralariga bo‘lindi, turklar tomonidan bosib olindi va 1913-yilga qadar turklar hukmronligi ostida qolib ketdi. Ikkinchi Bolqon urushidan so‘ng Buxarest shartnomasiga ko‘ra Makedoniya Bolgariya, Gretsiya va Serbiya o‘rtasida bo‘lib olindi. Serbiya qirolligi tarkibiga kirgan Vardar Makedoniyasi (1929-yildan boshlab Yugoslaviya) ikkinchi jahon urushi paytida Bolgariya tomonidan anneksiya qilindi, lekin ozod qilinganidan so‘ng xalq respublikasi sifatida Yugoslaviya tarkibiga kirdi. 1963-yildan YSFR tarkibidagi sotsialistik respublika bo‘lgan Makedoniya 1991-yili o‘z mustaqilligini e’lon qildi.
Iqtisodiyoti
Respublika iqtisodiyoti chetdan keltiriladigan neft va gazga, shuningdek, zamonaviy mashina uskunalari va ehtiyot qismlarga to‘liq bog‘liq. Sanoatda ko‘proq qazib olish va qayta ishlash (ko‘mir, qo‘rg‘oshin, rux, temir va nikel rudalarini qazib olish va qayta ishlash) sohalari rivojlangan. Qishloq xo‘jaligining rivojlanish darajasi (YIM - 12%) mamlakatning oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi. Asosiy qishloq xo‘jalik ekinlari - bug‘doy, makkajo‘xori, mevalar, sabzavotlar va tamaki. 2012-yil YIM miqdori 19,5 mlrd AQSh dollarni (aholi jon boshiga – 9,3 ming AQSh doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: sobiq Yugoslaviya mamlakatlari, Germaniya, Gretsiya, Albaniya. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi - 10591 km.