Tarixi
XII asrdan XIV asrgacha Moldova - skif, gott, gunn va slavyan davlatlarining tarkibida bo‘lib keldi. XIV asrga kelib voloxlar va sharqiy slavyanlar bilan aloqalar natijasida Moldova xalqi shakllandi, 1359-yili esa Bogdan I mustaqil Moldaviya knyazligini tuzdi. Bu knyazlik shu davrda ham madaniy, ham iqtisodiy jihatdan yuksaldi. XV asrda Stefan Buyukning qahramonlarcha ko‘rsatgan qarshiligiga qaramasdan Moldova knyazligi turklar tomonidan bo‘ysundirildi va Usmoniylar imperiyasining bir qismiga aylandi. 1774- yili Moldova Avstriya hukmronligi ostiga, 1806-yili esa Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shildi. 1859-yili Moldava Valaxiya bilan birlashdi va Rumin knyazligini tashkil etdi. Bu knyazlikni moldavan knyazi Aleksandru Kuza idora qilgan. 1924-yil tuzilgan Moldova muxtor respublikasi va 1940-yil Ruminiyaning anneksiya qilingan Bessarabiya hududlarida 1940-yil 2-avgustda Moldaviya Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzildi. Moldaviya 1941-yili rumin va nemis qo‘shinlari tomonidan bosib olindi, ozod qilinganidan so‘ng 1944-yili Sovet Ittifoqi tarkibiga qaytdi. 1947-yilgi Parij shartnomasiga ko‘ra Ruminiya Moldaviya hududlariga bo‘lgan da’vosidan tamomila voz kechdi. Moldaviya 1991-yil mustaqillikka erishdi, biroq mamlakatning sharqiy qismi, jahon jamoatchiligi tomonidan tan olinmagan Pridnestrovye Respublikasi mamlakatning yangi hukumatini tan olishdan bosh tortib kelmoqda.
Moldova O‘zbekiston Respublikasi bilan 1994-yilda diplomatiya munosabatlari o‘rnatgan.
Iqtisodiyoti
Sanoatning peshqadam tarmog‘i - oziq-ovqat ishlab chiqarish, shuningdek, og‘ir va yengil sanoat ham rivojlangan. Ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi YIMning 40% (vino va tamaki eng muhim eksport mahsulotlari hisoblanadi)ini tashkil qiladi. 2012-yil YIM miqdori 11,1 mlrd AQSh dollarni (aholi jon boshiga – 2,9 doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston, Ruminiya, Germaniya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 1150 km, avtomobil yo‘llari - 20000 km (13900 km - qattiq qoplamali yo‘llar).