Tarixi
Taxminan m. a. V asrda Shri-Lankaga Gang va Hind daryolari vodiylaridan hind-yevropa til oilasiga mansub qabilalar kirib kelishadi va orollarda Singal davlatiga asos soladi. Orol buddaviylikni targ‘ib etish markazlaridan hisoblangan. Afsonalarga ko‘ra buddaviylikni orolga Ashokaning o‘gli yoki ukasi olib kelgan. М. a. III asrning boshlaridan Shri-Lankaga Hindistonning janubidan tamillar kirib kela boshlaydi. Tamillar Shri-Lankada XII asrgacha hukmronlik qiladi. 1505-yili orolda portugallar paydo bo‘lishdi va XVI asrning oxirida orolni mustamlakaga aylantirishadi. XVII asrda Shri-Lankani gollandlar egallab olishdi. 1802-yilda orol Buyuk Britaniyaga tobe bo‘ldi. 1948-yilda Seylon Britaniya hamdo‘stligi tarkibidagi mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1972-yildan mamlakat Shri-Lanka Respublikasi deb atala boshlandi. Tamillar va singallar o‘rtasidagi etnik mojarolar XX asming 80-yillari boshlarida fuqarolar urushiga aylandi. Fuqarolar urushiga barham berilgan bo‘lsada, hanuzgacha ikki tomon o‘rtasida keskinliklar mavjud.
Iqtisodiyoti
Iqtisodining rivojlangan tarmoqlaridan biri - qishloq xo‘jaligi. Sholi, shakarqamish, don ekinlari, dukkakli ekinlar, ziravorlar yetishtiriladi. Choy (dunyoda 3-o‘rinda), kokos yong‘og‘i (umumiy eksport hajmining 1/3 qismi) eksport qilinadi. Ishlab chiqarish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, baliqni qayta ishlash bilan chegaralangan. Turizm asosiy valuta manbalaridan biridir. Asosiy savdo hamkorlari: AQSh, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Eron, Tayvan. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 1948 km, avtomobil yo‘llari - 75749 km (27637 km.ga tosh yotqizilgan), ichki suv yo‘llari - 430 km. Portlari - Galeye, Kolombo, Jafna, Negombo, Trinkomali.