Tarixi
XVII asrda Shellenberg va Vadutsni sotib olgan avstriyalik Lixtenshteynlar oilasi 1719-yil 15-avgustda knyazlik maqomini olishgan. Lixtenshteyn knyazligi 1808-1815-yiliarda Reyn Ittifoqiga, 1815-1866-yillarda Germaniya ittifoqiga kirdi. 1866-yildan buyon mustaqil davlat hisoblanadi. 1919-yilga qadar Avstriya bilan bojxona ittifoqida bo‘lgan bo‘lsa, 1924-yildan Shveysariya bilan umumiy valyuta va bojxona ittifoqida bo‘lib kelmoqda.
Iqtisodiyoti
Mamlakat iqtisodiyoti asosan yengil sanoatning kichik korxonalari va fermer xo‘jaliklariga tayanib taraqqiy etadi. Sanoat tarmoqlari orasida uskunasozlik, metallga ishlov berish, vakuum texnikasi ishlab chiqarish, elektron sistemalar va makroprotsessorlar ishlab chiqarish sohalari yaxshi rivojlangan. Shuningdek, an’anaviy sanoat tarmoqlari, to‘qimachilik, farmatsevtika, keramik buyumlar ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Turizmdan tashqari kolleksionerlar uchun pochta markalari ishlab chiqarish ham davlat xazinasiga sezilarli mablag‘lar keltiradi. Tadbirkorlik faoliyatiga past soliqlarning joriy qilinishi va kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishning osonligi sababli Lixtenshteynda juda ko‘plab kompaniyalarning idoralari paydo bo‘ldi (bunday kompaniyalar umumiy davlat daromadining 30% ini beradi). Mamlakat iqtisodiyoti Shveysariya iqtisodiyoti bilan uzviy bog‘liq, shuning uchun yashovchilarning yashash darajasi Shveysariyanikidan deyarli farq qilmaydi. 2012- yil YIM miqdori 123 mln AQSh dollarni (aholi jon boshiga – 38,4 ming AQSh doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: YI mamlakatlari, Shveysariya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 18,5 km (Avstriyaning federal mulki), avtomobil yo‘llari - 32293 km (hammasi qattiq qoplamali).