Tarixi
Yevropaliklardan birinchi bo‘lib Guamni F. Magellan 1521-yilda o‘zining birinchi yer aylana sayohati davrida kashf etadi. 1563-yildan orol Ispaniya mustamlakasi. 1568-yilda Guamda dastlabki missioner iezuitlar o‘rnashadi. Yevropaliklar tomonidan olib kelingan kasalliklar hamda qattiq ekspluatatsiya natijasida mahalliy aholi yuz mingdan (1521-yil) 5 minggacha (1741-yil) qisqaradi. 1898-yilgi Ispan-Amerika urushida orolni AQSh egallab oladi. II jahon urushi davrida Guam Yaponiya tomonidan bosib olinadi (1941). 1944-yilning iyul, avgustida o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida orol yana AQSh tasarrufiga o‘tadi. AQSh Kongressi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan Guam orolining asosiy qonuniga ko‘ra orolga o‘zini-o‘zi boshqarish huquqi beriladi. Uning aholisiga AQSh fuqaroligi berilib, ular milliy saylovlarda qatnasha olishmaydi. Hozirgi kunda Guam AQShning Tinch okeandagi strategik harbiy bazasidir. Orolda Apra- Xarbor harbiy dengiz va Andersen aviatsiya bazalari joylashgan.
Iqtisodiyoti
Iqtisodining asosini turizm tashkil etadi. Orol iqtisodidagi muhim o‘rinni AQShning harbiy obyektlaridan keladigan daromadlar egallaydi. Orol aholisi mashg‘ul bo‘lgan qishloq xo‘jaligi aholining ehtiyojlarini qoplamaydi. Sabzavot va mevalar yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlanmoqda. Aholi olib kelinadigan xomashyoda ishlaydigan oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari hamda turmush elektronikasini yig‘ish korxonalarida band. Elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Eksport: kiyim-kechak, ichimliklar va tamaki mahsulotlari, elektronika. Import: oziq-ovqat, yoqilg‘i (importning 50% atrofida). Asosiy savdo sheriklari: AQSh, Yaponiya, Tayvan.