Tarixi
Rivoyatlarga ko‘ra, qadimda hozirgi Efiopiya hududi Sava podsholigining bir qismi hisoblangan. II asrning oxirlarida shakllangan Aksum podsholigi VI-VII asrlarda zaiflashadi. Musulmon sulolasi Zagve (X-XIII asrlar) hukmdorligidan so‘ng, hokimiyatga 1270-yilda xristian (kont) sulaymoniylar sulolasi keladi. Islom ta’siriga qarshi turish maqsadida Efiopiya hukmdorlari XVI-XVII asrlarda Yevropa davlatlaridan yordam so‘rashadi. XIX asrning oxirida, Suvaysh kanali ochilgandan so‘ng Efiopiya o‘ziga Italiya, Fransiya, Angliya kabi davlatlarning e’tiborini jalb qila boshlaydi. 1889-yilda Italiya va Efiopiya o‘rtasida imzolangan shartnomani ikki tomon o‘zicha tushunadi. Efiopiyani o‘z prorektorati sifatida ko‘rishni xohlagan Italiya, mamlakatga o‘zining harbiy ekspeditsiyasini jo‘natadi. Ammo bu ekspeditsiya 1896-yilda mag‘lubiyatga uchraydi. 1935-yilda Mussolini Somalida yashayotgan italiyaliklarning manfaatini himoya qilish bahonasida Efiopiyaga o‘z qo‘shinlarini kiritadi. Natijada Efiopiya va Somali bilan birlashib, Italiyaning Sharqiy Afrika mustamlakasini hosil qiladi. 1941-yilda britaniyaliklar Efiopiyani ozod qilishadi. Eritreyada milliy kayfiyatlarning ko‘tarilishi, Somali bilan harbiy to‘qnashuvlar, ocharchilik va qurg‘oqchilik mamlakatda chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy inqirozni keltirib chiqaradi. 1974-yilda harbiy to‘ntarish orqali imperator Selassiye taxtdan ag‘dariladi. 1975-yilda Efiopiya respublika deb e’lon qilinadi. 1977-yilda navbatdagi harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyatga Mengistu keladi. Sovet tuzumi tarafdori bo‘lgan bu hokimiyat 1991-yilning 28-mayigacha hukmronlik qiladi. 1993-yilda Eritreya mustaqil davlat sifatida Efiopiyadan ajrab chiqadi.
Iqtisodiyoti
Iqtisodi qishloq xo‘jaligiga (YIMning 45% i, eksportning 90% ini) asoslangan Efiopiya Afrikaning qashshoq mamlakatlari qatoriga kiradi. Asosiy eksport mahsuloti - qahva (eksport tushumlarining 60% ini). Ishlab chiqarish asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda oltin qazib chiqarish bilan bog‘liq. Asosiy savdo sheriklari: Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 988 km, avtomobil yo‘llari - 44300 km (3650 km asfaltlangan).