Tarixi
Eritreya eramizgacha vujudga kelgan efiop qirolligi - Aksum tarkibiga kirgan. 1890-yildan Italiya mustamlakasi. 1941-yildan BMT mandatiga ko‘ra Buyuk Britaniya tomonidan boshqarilgan. 1952-yilda Eritreya federatsiya a’zosi sifatida efiop imperiyasi tarkibiga kirgan. 1962-yilda, Efiopiya Eritreyani provinsiya deb e’lon qilgandan so‘ng, mamlakatda mustaqillik uchun harakat boshlanib, bu harakat 1975-yilda keng miqyosga ko‘tariladi. Eritreyalik qo‘zg‘olonchilar hukumat qo‘shinlaridan ustun kelgach, 1993-yilda Eritreya referendum natijalariga ko‘ra mustaqil bo‘ldi.
Iqtisodiyoti
Eritreya jahonning iqtisodiy jihatdan kam taraqqiy etgan davlatlaridan biridir. Iqtisodining asosiy tarmog‘i aholining 60% i band bo‘lgan qishloq xo‘jaligidir (YIMning 50% i, eksportning 70% i). Sanoatining rivojlangan tarmoqlari: neftni qayta ishlash, yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik, teri-poyabzal, tikuvchilik, oziq-ovqat. Portlari: Aseb, Massaua.