Tarixi
Araukanlar yashagan hozirgi Chili hududi 1520-yilda portugaliyalik dengizchi F.Magellan tomonidan kashf etiladi. 1536-yildan ispanlar mustamlakachilik siyosatini boshlashadi. 1541-yilda Santyagoga asos solinadi, Chili esa Peru vitse-qirolligi tarkibiga kiritiladi. Nodir metallarning yo‘qligi va mamlakat materikning asosiy kommunikatsiyalaridan uzoqligi tufayli metropoliya Chiliga katta qiziqish bildirmasdi. 1818-yilda Ispaniyadan mustaqillikka erishgandan so‘ng Chilida bir necha bor davlat to‘ntarishlari bo‘ladi. 1879-1883-yillardagi Tinch okean urushi natijasida Chili mis konlariga boy bo‘lgan Atakamaga ega boladi. Mis konlaridan unumli foydalanish iqtisodiy taraqqiyotni yuqori darajaga olib chiqadi. 1964-1970-yillardagi xristian-demokratlar hukmronligidan so‘ng hokimiyatga S. Alende boshliq sotsialistlar keladi. Bu hukumat iqtisodni davlat mulkiga aylantirish va yer islohoti o‘tkazishini e’lon qiladi. 1973-yilning sentabrida mamlakatda harbiy to‘ntarish bolladi. Prezident S. Alende o‘ldiriladi, hokimiyatni esa general Pinochet boshliq harbiy xunta egallaydi. Iqtisodiy islohotlarning o‘tkazilishi va chet el investitsiyalarining jalb qilinishi Pinochetga Chilini Janubiy Amerikada iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish imkonini beradi. Biroq Chili xalqining ichki siyosatdan noroziligi va jahon hamjamiyatining harbiy xuntani qoralashi Pinochetni konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga majbur etadi. 1990-yilda parlament saylovlari o‘tkaziladi va unda xristian-demokratlar g‘olib chiqishadi. 1994-yilgi prezident saylovlarida ham xristian-demokratlar g‘olib chiqishadi.
Iqtisodiyoti
Mamlakat sanoatining asosiy tarmog‘i tog‘-kon sanoatidir. Chili mis eksport qilish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Sanoatning boshqa tarmoqlarini metallurgiya, yog‘ochni qayta ishlash, oziq-ovqat, to‘qimachilik tashkil etadi. O‘rmonchilik va baliqchilikni o‘z ichiga olgan qishloq xo‘jaligi YIMning 7% ini tashkil etadi. Chorvachilik rivojlangan. Bug‘doy, dukkaklilar, qandlavlagi, kartoshka, uzum, mevalar yetishtiriladi. Chili mevalar, baliq va yog‘och mahsulotlarining yirik eksportchisidir. Asosiy savdo hamkorlari: YH davlatlari, AQSh, Yaponiya, Braziliya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 7766 km, avtomobil yo‘llari - 79025 km, ichki suv yo‘llari - 725 km. Asosiy portlari: Ikike, Valparaiso.